AMIR TЕMUR — ADOLAT VA TARAQQIYOT TIMSOLI
Jahon tarixida ulkan iz qoldirgan buyuk davlat arbobi va sarkarda — Amir Temur nafaqat harbiy yurishlari, balki ilm-fan, me’morchilik va bunyodkorlik sohasidagi ulkan ishlari bilan ham alohida ajralib turadi. Amir Temur 1336-yilda Kesh (hozirgi Shahrisabz) atrofida tug‘ilib, qisqa vaqt ichida siyosiy maydonda kuchli yetakchiga aylandi. XIVasrning 70-yillariga kelib, u Movarounnahrda hokimiyatni qo‘lga kiritib, markazlashgan davlat — Temuriylar davlatiga asos soldi. Uning davlat boshqaruvi qat’iy qonun-qoidalarga asoslangan bo‘lib, “Temur tuzuklari” nomi bilan mashhur bo‘lgan qoidalar to‘plami orqali tartibintizom mustahkamlangan. Ayniqsa, Amir Temur davlat boshqaruvida qat’iyat va adolatni uyg‘unlashtira olgan rahbar sifatida tanilgan.
U mamlakatni viloyatlarga bo‘lib boshqargan, har bir hududga ishonchli va mas’uliyatli hokimlarni tayinlagan. Soliq tizimi tartibga solinib, aholidan adolatli yig‘imlar olish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, harbiy va ma’muriy tizim aniq qoidalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, bu davlat barqarorligini ta’minlagan.
Temur ilm-fanga katta ahamiyat bergan. Uning tashabbusi bilan turli yurtlardan yuzlab olimlar, tabiblar, munajjimlar va me’morlar Samarqandga keltirilgan. Manbalarga ko‘ra, Temur davrida Samarqand shahrida katta kutubxonalar tashkil etilgan va nodir qo‘lyozmalar to‘plangan. Bu yerda ilmiy muhit shakllanib, keyinchalik Temuriylar davrida yanada rivojlangan. Xususan, Temurning avlodi Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan mashhur rasadxonada astronomiya sohasida ulkan kashfiyotlar amalga oshirildi. Ulug‘bekning “Ziji jadidi Kuragoniy” asari jahon ilm-fanida muhim o‘rin tutadi. Bu esa Temur asos solgan ilmiy an’analarning yorqin namunasidir.
Amir Temurning bunyodkorlik ishlari juda keng qamrovli bo‘lgan. U Samarqandni o’z davrining eng go‘zal va rivojlangan shaharlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan. Uning buyrug‘i bilan ulkan saroylar, masjidlar va bog‘lar barpo etilgan. Masalan, Bibi Xonim masjidi o‘z davrida dunyodagi eng yirik masjidlardan biri hisoblangan. Shuningdek, Go‘ri Amir maqbarasi kabi me’moriy yodgorliklar ham Temuriylar davrining yuksak me’morchilik darajasini ko‘rsatadi.
Temur yo‘lsozlik va infratuzilmaga ham alohida e’tibor qaratgan. U savdo yo‘llarini tiklab, Buyuk ipak yo‘li orqali xalqaro savdoni rivojlantirgan. Karvonsaroylar, ko‘priklar va suv inshootlari qurdirilib, savdogarlar uchun qulay sharoit yaratilgan. Bu esa iqtisodiyotning o‘sishiga katta turtki bergan. Bundan tashqari, Temur hunarmandchilik va san’atni rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shgan. Samarqandda kulolchilik, zargarlik, to‘qimachilik kabi sohalar rivoj topgan. U turli mamlakatlardan ustalarni olib kelib, mahalliy hunarmandchilik maktablarini boyitgan.
Amir Temur o‘z faoliyatida adolat tamoyiliga tayangan. Uning “Kuch — adolatdadir” degan shiori davlat boshqaruvining asosiy mezoni bo‘lgan. U qonun ustuvorligini ta’minlab, tartib va intizom orqali kuchli davlat barpo etgan. Amir Temur — nafaqat buyuk sarkarda, balki oqilona davlat boshqaruvi, ilm-fan, iqtisod, me’morchilik va madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir. Uning amalga oshirgan ishlari va qoldirgan merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
J.NOSIROV. shahar kengashi deputati.








