“SIZDAN UGINA, BIZDAN BUGINA” — KELAJAKKA XIYONAT NIQOBIMI?
Bugun biz Yangi O‘zbekiston poydevorini qurayotgan tarixiy davrda yashayapmiz. Ammo taraqqiyot yo‘limizda eng xavfli to‘siq, davlatni ichidan yemiruvchi zahar bor — bu korrupsiyadir!
Xalqimiz orasida “Sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida shakllangan jirkanch tushuncha, afsuski, hali ham ba’zi mansabdorlar uchun qonunni aylanib o‘tish niqobi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ochiq aytish kerak: pora — bu shunchaki pul almashinuvi emas, bu millat adolatiga va ertangi kunimizga qilingan eng og‘ir xiyonatdir!
🏛 Davlat siyosati va jamiyat birligi
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosatining eng yuqori darajasiga ko‘tardilar. “Korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat huquqtartibot idoralari, balki butun jamiyat birlashishi shart!” — degan qat’iy talab bugun har birimiz uchun vijdon amriga aylanishi lozim.
⚔ Shafqatsiz va uzluksiz jang
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu vaqtinchalik kampaniya emas! Bu — shafqatsiz va uzluksiz jangdir. Qonunchiligimizda pora olish, pora berish va vositachilik uchun jazo muqarrarligi mustahkamlab qo‘yilgan. Barcha fuqarolarimiz xushyorlik va shaxsiy mas’uliyat bilan hayotga yondoshsa bu illatni kamaytirishga erishish mumkin.
Korrupsiyaning oldini olish — faqat qog‘ozdagi hisobot emas! Bu — ish jarayonida inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va jamoada sog‘lom mudit yaratish demakdir.
📢 Aziz kattaqo‘rg‘onliklar!
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu bizning fuqarolik burchimiz, farzandlarimiz oldidagi qarzimizdir. Arzimagan moddiy manfaatni deb halol nomingizga dog‘ tushirmang, oilangiz tinchini va kelajagini xavf ostiga qo‘ymang. Pora — bu ko‘rinmas kishan, u insonni ham erkinlikdan, ham iymondan mahrum etadi.
Jamiyatimizni pok saqlash, adolatni qaror toptirish yo‘lida barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib kurashaylik. Unutmang: poklik bor joyda rivojlanish, adolat bor joyda baraka bo‘ladi!
Jamshid NOSIROV, Shahar Kengashi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.







