TO‘YLAR TARTIBI — OILA FAROVONLIGI VA JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

Yurtimizda oilaviy marosimlar azaldan xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini namoyon etuvchi muhim an’analardan biri hisoblanadi. To‘y — faqatgina bayram emas, balki ikki yoshning yangi hayotga qadam qo‘yayotgan qutlug‘ onlarini birga nishonlash, duo va ezgu tilaklar bildirish maydonidir.

Biroq so‘nggi yillarda ayrim hollarda to‘y marosimlarining ortiqcha dabdaba va shuhratbozlikka aylanib borayotgani kuzatilmoqda. Xususan, kelin-oshi, kuyov-navkar, qudalar yig‘ini kabi takrorlanuvchi bazmlarning ko‘payishi ko‘plab oilalarga jiddiy moliyaviy bosim yuklamoqda.

Ayniqsa, imkoniyati cheklangan oilalar bu kabi an’analar sabab qarzga kirib ketishi, yillar davomida qarz to‘lashga majbur bo‘lish holatlari uchramoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqaradi.

Davlatimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Ularda to‘y va oilaviy marosimlarni ixcham, kam xarajatli va mazmunli o‘tkazish, isrofchilikka chek qo‘yish, oddiylik va tejamkorlikni targ‘ib qilish ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan. Bu, avvalo, aholi farovonligini oshirish va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ortiqcha bazmlar jamiyatda noto‘g‘ri raqobatni ham keltirib chiqaradi. “Boshqalar qanday qildi, biz ham shunday qilishimiz kerak” degan tushuncha orqali odamlar o‘z imkoniyatidan ortiq xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda. Natijada to‘yning asl mohiyati — samimiyat, duo va baraka ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

Eng muhimi, to‘yni emas, oilani o‘ylash lozim. Chunki to‘y — bir kunlik shodlik bo‘lsa, oila — bir umrlik maskan. Ortiqcha dabdabadan voz kechib, yoshlarning kelajagini ta’minlash, ularga mustahkam poydevor yaratish har bir ota-ona va jamiyatning muhim vazifasidir.

O‘. YUSUPOVA, shahar FHDYO bo‘limi inspektori.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan