NAVRO‘ZNI ULUG‘LASH-INSONNI ULUG‘LASHDIR!
Navro‘z xalqimizning eng sevimli va qadimiy bayramlaridan biri bo‘lib,u azaldan yangilanish, ezgulik va hamjihatlik ramzi sifatida qadrlanib kelinadi. Zero, ushbu qutlug‘ ayyom mehr-oqibat, insonparvarlik, bag‘rikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlar hamda milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etganligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugun Ingichka qo‘rg‘onchasida tashkil etilgan Navro‘z saylida ham ana shu azaliy qadriyatlarimiz yana bir bor o‘zining yorqin ifodasini topdi. Ingichkaliklar bilan gavjum bo‘lgan Madaniyat saroyida bayramona kayfiyat, shodu xurramlik va samimiyat hukm surdi.
Tadbirga tashrif buyurgan shahar hokimi Gavhar Alimova shahar faollari va jamoatchilik vakillari hamrohligida turli tashkilot va muassasalar, mahallalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdi.







