KOMIL INSON TARBIYASI O‘ZIMIZDAN BOSHLANADI

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga bag‘ishlangan ochiq muloqotida har haftaning payshanba kuni mamlakatimizda “Yoshlar kuni” sifatida tashkil etilishi belgilandi.

Mazkur tashabbus doirasida institutimizda pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov bilan Zoom platformasi orqali onlayn uchrashuv tashkil etildi. Taniqli pedagog olim bilan o‘tkazilgan ushbu muloqot biz, bo‘lajak pedagoglar uchun katta taassurot qoldirdi. Uchrashuv davomida ustozning samimiy o‘gitlari va hayotiy maslahatlari pedagogika sohasiga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirdi. Ustoz 2030-yilga mo‘ljallangan rejalarni bugungi yoshlar 2026-yildanoq amalga oshirishni boshlashi kerakligini ta’kidlab, zamon shiddat bilan o‘zgarayotganini, shu bois yoshlar ilmga chanqoq, izlanuvchan va tashabbuskor bo‘lishi zarurligini alohida qayd etdi.

Suhbat davomida professor Muhammadjon Quronov Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida yaratilgan sharoitlar va bu yerda faoliyat yuritayotgan salohiyatli pedagog olimlar haqida ham ijobiy fikrlar bildirdi. “Sizlar baxtli talabalarsiz, chunki zamonaviy ta’lim dargohida bilim olayapsizlar. Ustozlardan o‘rganish va ularning tajribasini egallash kelajakdagi muvaffaqiyatingiz poydevoridir”, — dedi ustoz.

Muloqot davomida ilmiy izlanishlar, ayniqsa, dissertatsiyaning mazmun-mohiyati haqida ham fikr yuritildi. Ta’kidlanganidek, dissertatsiya — jamiyat yoki ta’lim tizimidagi muammolarga ilmiy yechim taklif etadigan tadqiqot hisoblanadi. Shuningdek, tadqiqot mavzularini faqat kitoblardan emas, balki hayotning o‘zidagi dolzarb masalalardan izlash kerakligi qayd etildi.

Ustoz inson tarbiyasi haqida ham muhim fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, insonning tarbiyasi faqat auditoriyada emas, balki kundalik hayotdagi muomalasida, odamlarga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat, ushbu uchrashuv biz uchun nafaqat qiziqarli muloqot, balki katta hayotiy saboq bo‘ldi. Zero, ustoz aytganidek, biz bugun o‘zimizni tarbiya qilsakgina, ertaga komil insonlarni tarbiyalay olamiz.

S. ZUVAYTOVA, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti talabasi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan