UY SOTIB OLYAPSIZMI?
Ko‘chmas mulk sotib olish — har bir fuqaro hayotidagi eng muhim va mas’uliyatli qadamlaridan biri. Biroq shoshma-shosharlik yoki huquqiy bilimning yetishmasligi yillar davomida yig‘ilgan sarmoyaning boy berilishiga yoki uzoq davom etadigan sud mashmashalariga sabab bo‘lishi mumkin.
2026-yil 1-janvardan boshlab O‘zbekistonda yangi qurilayotgan uylarda ulushdor bo‘lib ishtirok etish uchun majburiy “eskrou” tizimi to‘liq kuchga kirdi. Endilikda xaridor mablag‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchiga emas, balki bankdagi maxsus hisob raqamiga qo‘yadi. Quruvchi esa bu mablag‘larni faqat obyektni foydalanishga topshirgandan so‘ng yoki shartnomada ko‘rsatilgan bosqichlarni yakunlagach olishi mumkin. Bu tizim “pulimga kuyib qolmaymanmi?” degan xavotirlarga chek qo‘yadi.
Zamonaviy notariat tizimi (Notarius.uz) orqali notariuslar bitimdan oldin mulkka nisbatan taqiq (zapret) bor-yo‘qligini soniyalar ichida aniqlaydilar. Shuningdek, elektr, gaz, issiq suv va soliqlardan qarzdorlik mavjud bo‘lsa, tizim avtomatik ravishda bitimni amalga oshirishni to‘xtatadi. Biroq, sotib oluvchi sifatida sotuvchidan kommunal idoralarning so‘nggi hisob-kitoblari aks etgan shaxsiy kabinet ma’lumotlarini ko‘rsatishni so‘rash ham zarar qilmaydi.
Agar mulk nikoh davomida sotib olingan bo‘lsa, u er-xotinning umumiy mulki hisoblanadi. Hatto uy faqat bir tomonning nomida bo‘lsa ham, ikkinchi tomonning notarial tasdiqlangan roziligisiz sotuv amalga oshirilmaydi. Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab ayrim turdagi notarial harakatlarni, jumladan rozilik xatlarini videokonferensaloqa rejimi orqali ham rasmiylashtirish imkoniyati kengaydi.
Shartnomada uyning haqiqiy sotilish narxini ko‘rsatish o‘ta muhim. Ko‘pincha davlat bojini kamroq to‘lash maqsadida summani pasaytirib yozish holatlari uchraydi. 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan tizim orqali avtomatik ravishda Kadastr organlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi. Bu fuqarolarning kadastr idoralariga borib yurishini kamaytiradi.
Notarial tasdiqlangan shartnoma — bu shunchaki hujjat emas, balki sizning mulkiy huquqlaringizning qonuniy himoyasidir. Shoshma-shosharlik qilmang va har bir shubhali holatda notariusdan bepul huquqiy maslahat olishga haqli ekaningizni unutmang.
A. QURBONOV, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius.









