KATTAQO‘RG‘ONNING MO‘TABAR AYOLLARI

Yurtimizda xotin-qizlarni e’zozlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini rag‘batlantirish ezgu an’anaga aylangan. Ayniqsa, 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida mehnatkash, tashabbuskor va fidoyi ayollarning xizmatlari munosib qadrlanmoqda.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida viloyat hokimi Adiz Boboyev tomonidan ko‘p yillar davomida el-yurt xizmatida faol mehnat qilib kelayotgan hamshaharimiz Hamratosh Shodiyevaga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Bu mukofot uning ko‘p yillik samarali mehnati, tashabbuskorligi va jamiyat hayotidagi faol ishtirokiga berilgan yuksak e’tirofdir. H. Shodiyeva o‘zining kamtarligi, mehnatsevarligi va fidoyiligi bilan aholi o‘rtasida katta hurmat qozongan ayollardan biri hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi besh yil davomida jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatib, oilalar mustahkamligi, sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish hamda milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shgan 9 nafar kattaqo‘rg‘onlik faol xotin-qiz ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan.

Ular orasida shahar hokimi Gavhar Alimova, shuningdek turli sohalarda samarali mehnat qilgan Gulnora Mirzayeva, Klara Hakimova, Muattar Teshayeva, Nazira Qahhorova, Gulsara Egamova, Oydiniso Inatullayeva hamda Sabohat Barnayeva kabi fidoyi ayollar bor.

Joriy yilda tadbirkor xotin-qizlarimizdan Gulmira Jumayevaning yutug‘i ham alohida e’tirofga loyiq. U “Yil ayoli” tanlovida mutloq g‘olib bo‘lib, gran-prini qo‘lga kiritdi hamda Prezident sovg‘asi — avtomashina bilan taqdirlandi.

Bunday e’tiroflar shahrimiz xotin-qizlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligini yanada oshirishga, ularni yangi yutuqlar sari ruhlantirishga xizmat qilmoqda.

Shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan