AYOLGA EHTIROM — YUKSAK E’TIROF
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida viloyatimizda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, faolligi va tashabbuskorligi bilan ibrat bo‘layotgan bir guruh xotin-qizlar munosib e’tirof etildi.
Ular orasida hamshahrimiz, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Mo‘tabar Eshmurodova ham bor.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri sifatida ishlab kelayotgan M. Eshmurodova tibbiyot sohasidagi halol mehnati, aholi salomatligini asrash yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyati bilan hamkasblari va jamoatchilik orasida hurmat qozonib kelmoqda. U rahbarlik qilayotgan muassasada tibbiy xizmat sifatini oshirish, bemorlarga yanada qulay sharoitlar yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Sohadagi xizmatlari e’tirof etilib, Mo‘tabar Eshmurodova viloyat hokimligining Faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Albatta, ayolni ulug‘lash, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va mehnatini qadrlash xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan biridir. Mo‘tabar Eshmurodova kabi fidoyi ayollar esa o‘z mehnati va ibratli faoliyati bilan ana shu qadriyatlarning yorqin timsoli bo‘lib kelmoqda. Ana shunday tashabbuskor ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bu kabi e’tirof va rag‘bat esa xotin-qizlarni yanada faol bo‘lishga, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida yangi yutuqlarga erishishga ruhlantirishi, shubhasiz.
O‘z muxbirimiz.









