SIZGA TA’ZIM – SIZGA EHTIROM!
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami go‘zal va betakror yurtimizga bahor nafasi kirib kelganidan darak beruvchi qutlug‘ ayyomdir. Bu sana — nafosat, mehr-muhabbat va sadoqat timsoli bo‘lgan ayol zotiga yuksak ehtirom va e’zoz ifodasidir. Ayol deganda ko‘z oldimizda, avvalo, mo‘tabar va tabarruk Ona siymosi gavdalanadi. Ona — hayotimiz chirog‘i, qalbimiz mehri, umrimizning gulidir.
Shahar hokimligi tashabbusi bilan ana shunday e’zozga munosib, munis va fidoyi opa-singillarimiz sharafiga 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Gavhar Alimova, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan faol xotin-qizlar, nuroniy onaxonlar ishtirok etishdi.
Tadbirni ochib bergan Gavhar Zayirovna barchani samimiy muborakbod etib, ularga ezgu tilaklarini yo‘lladi. O‘z nutqida u Yurtboshimizning quyidagi so‘zlarini alohida ta’kidlab o‘tdi:
— “Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz va yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. Ayniqsa, Siz azizlarning sog‘lom zurriyod, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi. Sizlarning mehr-muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on. Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasannolar aytsak, arziydi.”
Shahar hokimi ushbu yuksak e’tirof ayol zotiga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromning yorqin ifodasi ekanini qayd etdi.
Shuningdek, shahrimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, oilalar tinchligi va mustahkamligini ta’minlash, jamiyat taraqqiyotida kattaqo‘rg‘onlik xotin-qizlarning munosib va salmoqli hissasi borligi alohida ta’kidlandi. Tadbir davomida ana shunday samarali faoliyati bilan ibrat bo‘lib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarga shahar hokimligining faxriy yorliqlari va bayram sovg‘alari topshirildi.
Bayram kechasi poytaxtdan tashrif buyurgan hamda shahar Madaniyat bo‘limi san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlari bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi.
H. ERGASHEVA.









