XOTIN-QIZLAR FAOLLIGI — JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shahlo Kuchkarova bilan suhbatimiz ushbu mavzuda bo‘ldi.

— Avvalo, shaharda xotin-qizlar ulushi va ularning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida ma’lumot bersangiz.

— Bugungi kunda shahrimizda 96 ming nafardan ortiq inson istiqomat qiladi. Shundan 47 ming nafarini, ya’ni 50,1 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 366 nafardan ortiq xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ularning 18 ming 372 nafari iqtisodiy faol xotin-qizlar hisoblanadi. Bu esa shaharda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

— Prezident farmoni asosida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi 208-sonli farmoni asosida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Masalan, profilaktik hisobda turgan 37 nafar xotin-qiz bilan manzilli ish olib borilib, ularning 17 nafariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi va hisobdan chiqarildi.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish borasida ham muhim ishlar amalga oshirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ijtimoiy xizmatlar bilan hamkorlikda xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 14-martdagi 103-sonli qaroriga asosan Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda 124 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi sanatoriyada sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik koknikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etildi.

— Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorligini rivojlantirish borasida qanday ishlar qilindi?

— Ushbu yo‘nalishda ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yilda 1580 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 2936 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Bu esa rejaning to‘liq bajarilganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 1247 nafar xotin-qiz turli o‘quv kurslariga jalb qilindi. Ularning 559 nafari kasb-hunar, 417 nafari tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlikka, 161 nafari Sayxunobod tajribasi asosida o‘qitildi.

Tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1007 nafar xotin-qizga imtiyozli kreditlar ajratildi. Kasanachilik va uy mehnati bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 nafar lider kasanachi tadbirkor belgilab, ularga 54 nafar xotin-qiz biriktirildi.

— “Ayollar daftari” doirasida qanday amaliy ishlar amalga oshirildi?

— Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil qilingan “Ayollar daftari” ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Xususan, “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida shaharda 3369 nafar xotin-qiz ro‘yxatga olindi va ularga manzilli yordamlar ko‘rsatildi. Masalan, 1670 nafar ishsiz xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borilib, ularning 367 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi, 944 nafari o‘zini o‘zi band qildi, 196 nafar xotin-qizga subsidya asosida asbob-uskunalar olib berildi.

— Oila institutini mustahkamlash va ajrimlarni kamaytirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Oila institutini mustahkamlash maqsadida har haftaning chorshanba kuni “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasi tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlar tashkil etib kelinmoqda. Olib borilgan tadbirlar doirasida 51 ta oila yarashtirildi. 2025-yil davomida shaharda qayd etilgan ajrimlar soni 2024-yilga nisbatan 8 taga kamaygan. “Bahoriston”, “Kattaqo‘rg‘on” va “Nurafshon” mahallalari ajrimdan xoli hududga aylangan.

— Kelgusidagi asosiy rejalaringiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Kelgusida ham xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, ajrimlarni kamaytirish va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishni maqsad qilganmiz. Xotin-qizlarning boshqaruvdagi ulushini oshirish va oila institutini mustahkamlash borasida tizimli ishlar davom ettiriladi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

H. ERGASHEVA suhbatlashdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan