SO‘FI OLLOYORNI ANGLASH
Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan tub islohotlar va Uchinchi Renessansni barpo etishdek yuksak maqsad, birinchi navbatda, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyatiga bevosita bog‘liqdir. Globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan, mafkuraviy kurashlar va “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siri kuchaygan bugungi davrda talaba yoshlar dunyoqarashini milliy va umumbashariy axloqiy me’yorlar asosida shakllantirish — shunchaki vazifa emas, balki davlat ahamiyatiga molik strategik zaruriyat hisoblanadi.
Bu murakkab va mas’uliyatli jarayonda zabardast mutafakkir, buyuk mutasavvif va beqiyos murabbiy So‘fi Olloyor (1644–1724) hazratlarining qoldirgan merosi biz uchun beqiyos xazinadir. Samarqandning Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida tug‘ilgan bu ulug‘ zot o‘z davrining eng yuksak ilmiy maqomlariga erishgan bo‘lsa-da, butun ongli hayotini xalqning ma’naviy poklanishi va axloqiy tarbiyasiga bag‘ishladi. Uning tug‘ilib o‘sgan muhiti va keyinchalik ilm markazi bo‘lmish Buxoro madrasalarida olgan chuqur bilimlari zamirida inson ruhiyatini boshqarish, nafsni jilovlash va axloqni tizimlash bo‘yicha mukammal pedagogik konsepsiya shakllandi.
So‘fi Olloyor merosining ma’naviy ahamiyati shundaki, mutafakkirning “Maslak ul-muttaqiyin”, “Sabotul ojizin”, “Murodulorifin” va “Maxzanul-muti’in” kabi asarlari shunchaki o‘tmishning tarixiy yodgorligi emas, balki bugungi kun yoshlari, ayniqsa ilm yo‘lidagi talabalar uchun ma’naviy “yo‘l xaritasi” bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Har bir shaxs o‘z ichki dunyosini isloh qilish va nafsini tarbiyalash orqali komillik bosqichiga erishishi mumkinligi ta’kidlanadi. So‘fi Olloyor qarashlarida quruq nazariy bilim emas, balki yuksak axloq bilan bezatilgan va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan bilimigina foydali ekaniga urg‘u beriladi. Halol luqma bilan yashash, ota-onaga cheksiz ehtirom ko‘rsatish va ustozga sadoqatli bo‘lish kabi g‘oyalar bugungi yoshlarda “ma’naviy immunitet”ni shakllantirishning asosiy omillaridir.
Hozirgi talaba yoshlar o‘rtasida ba’zan kuzatiladigan “ma’naviy bo‘shliq”, “qadriyatlar inqirozi” kabi salbiy holatlarni bartaraf etishda mutafakkirning pedagogik qarashlaridan tizimli foydalanish kechiktirib bo‘lmas vazifadir. Bugungi kunda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish O‘zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”.
Oliy ta’lim tizimida talabalar ma’naviyatini yuksaltirish jarayonida faqatgina zamonaviy pedagogik texnologiyalar bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. Bu jarayonda So‘fi Olloyor kabi zabardast ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan zaruriyat har qachongidan ham yuqori. Chunki uning ta’limoti shunchaki nazariya emas, balki inson ruhini ichki va tashqi illatlardan tozalovchi, uni mas’uliyatli shaxsga aylantiruvchi ma’naviy “vaksina”dir.
Mutafakkir merosining zamonaviy ta’lim jarayonidagi o‘rni bir necha muhim jihatlarda namoyon bo‘ladi. “Ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishlariga qarshi “Maslak ul-muttaqiyin” asaridagi “taqvo” (vijdonni asrash) tushunchasi talabalar uchun eng mustahkam ma’naviy qalqon bo‘lishi mumkin. Ma’naviyat va ma’rifat markazlari targ‘ibot ishlarida “Sabotul ojizin”dagi ilm va amal birligini bosh mezon qilib olishlari lozim. Zero, bilimli, ammo axloqsiz kadr jamiyat tanazzuliga sabab bo‘lishi muqarrar. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda mutafakkirning “halol luqma” va nafs jilovi haqidagi o‘gitlari bugungi antikorrupsion siyosatning ma’naviy asosi bo‘lsa oladi.
Oliy ta’lim tizimidagi “Tarbiya” fanining nazariy-metodologik asoslarini shakllantirishda Samarqand va Buxoro ilmiy maktablarining buyuk namoyandalari merosi bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit tizimni tashkil etadi. Bu zanjirning eng yuksak nuqtasida Imom al-Buxoriy hazratlari turadilar. U zotning “Al-jome’ as-sahih” va “Al-adab al-mufrad” asarlari islom olamida odobning oliy mezoni hisoblanadi. Imom al-Buxoriy axloqiy fazilatlarni hayotiy munosabatlar (ota-onaga hurmat, qo‘shnichilik haqlari, til odobi) orqali tizimlashtirib bergan bo‘lsalar, So‘fi Olloyor mana shu buyuk ma’naviy poydevor ustiga o‘z ta’limotini qurgan. U murakkab haqiqatlarni xalqchil, sodda va ta’sirchan turkiy tilda jamiyat ongiga singdira oldi.
So‘fi Olloyor yashagan XVII–XVIII asrlarda Boborahim Mashrab, Xo‘janazar Huvaydo kabi ijodkorlar ham qalb islohi g‘oyasini ilgari surganlar. Biroq So‘fi Olloyorning alohida ajralib turadigan jihati — uning asarlaridagi kuchli didaktik quvvatdir. Uning kitoblari madrasalarda asrlar davomida asosiy darslik bo‘lib kelgani bejiz emas.
O‘z tarixiy ildizlarini anglash yoshlarda milliy mag‘rurlik tuyg‘usini kuchaytiradi. So‘fi Olloyor merosini Imom al-Buxoriy kabi ulug‘ muhaddislar ta’limoti bilan uyg‘unlikda o‘rganish — zamonaviy “Tarbiya” fanini ma’naviy quvvat bilan boyitadi. Bu metodika talabani nafaqat ma’rifatli, balki ma’naviyati butun, axloqi pok va haqiqiy vatanparvar shaxs qilib tarbiyalashda eng ishonchli yo‘ldir.
Jamshid NOSIROV.









