60 YIL — SHIFOBAXSH QO‘LLAR TARIXI, ISLOHOTLAR VA YANGILANISHLAR SARI QADAM
Inson salomatligi — davlat va jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezoni. Sog‘lom millat — qudratli davlat demakdir. Bugun mamlakatimizda tibbiyot sohasini tubdan modernizatsiya qilish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Ana shu ezgu islohotlar jarayonida yarim asrdan ziyod tarixga ega bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘zining munosib o‘rni va salmoqli hissasi bilan ajralib turadi.
Shahar va unga tutash hududlarda aholi soni yildan-yilga ortib borgani sayin malakali tibbiyot xodimlariga ehtiyoj ham kuchaydi. Ana shu ehtiyoj zamirida 1966-yil 6-may kuni Kattaqo‘rg‘on tibbiyot bilim yurti tashkil etildi. Ammo bu dargoh tarixi yanada ilgariroq — 1952–1960-yillarda faoliyat yuritgan hamshiralar kursi bilan boshlangan. Ilk 300 nafar kichik tibbiyot xodimlarining tayyorlanishi keyinchalik yirik ta’lim maskaniga aylangan dargohning mustahkam poydevori bo‘ldi.
1966-yilda 120 nafar talaba bilan boshlangan faoliyat keyingi o‘n yilliklarda jadal rivojlandi. “Hamshiralik ishi”, “Akusherlik ishi”, “Feldsherlik ishi”, “Stomatologiya ishi”, “Farmatsiya ishi” kabi yo‘nalishlarda minglab mutaxassislar tayyorlandi. Bu raqamlar — oddiy statistika emas. Bu — minglab insonlar taqdiri, shifo topgan bemorlar, saqlab qolingan hayotlar demakdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Birlamchi tibbiy xizmatni kuchaytirish, profilaktik tibbiyotni rivojlantirish, jamoat salomatligini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi ustuvor vazifalar amalga oshirilmoqda.
2003-yilda muassasaga kollej maqomi berilgan bo‘lsa, 2020-yilda texnikum sifatida qayta tashkil etildi. Bu o‘zgarishlar ta’lim mazmunini zamon talablari asosida yangilash, xalqaro standartlarga moslashtirish imkonini berdi.
Bugun texnikumda 2000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Muassasada tibbiyot sohasi xodimlarini tayyorlash, ularning zamon talablari darajasida bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 3 ta o‘quv binosi, 139 ta o‘quv xonasi, 18 ta klinik simulyatsion xonalar, 400 o‘rinli talabalar turar joyi, zamonaviy sport zali va maydoni — bularning barchasi yosh avlod uchun yaratilgan keng imkoniyatlardir.
O‘quvchilar Axborot-resurs markazida jamlangan 34 mingdan ortiq o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi adabiyotlardan foydalangan holda o‘z bilimlarini oshirmoqdalar. Internetga ulangan kompyuterlar, amaliy mashg‘ulot bazalari, tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ta’lim sifatini oshirish pedagog-xodimlarning bilim va salohiyatiga bog‘liq. Bugun muassasada yoshlarga o‘z sohasining ustasi, tibbiyot sohasida amaliy va nazariy bilimlarga ega bo‘lgan yetakchi ustoz va murabbiylar ta’lim-tarbiya berib kelishmoqda. Muassasadagi fan nomzodlari, tajribali ustozlarning 68 nafari asosiy va 13 nafari o‘rindosh o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi. So‘nggi yillarda o‘qituvchilar tomonidan o‘nlab ilmiy ishlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etildi.
7 ta kafedra va 28 ta fan to‘garagi orqali yoshlar nafaqat kasbiy bilim, balki ma’naviy tarbiya ham olishmoqda. “Ustoz-shogird” an’anasi, faxriy ustozlar tajribasi — ta’lim jarayonining ajralmas qismiga aylangan. Talabalar hududiy va respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalarida amaliy mashg‘ulot o‘tab, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlamoqda. Bitiruvchilar orasida fan nomzodlari, yuqori toifali shifokorlar, xorijiy klinikalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bor.
Oltmish yil — bu faqat sana emas. Bu — 300 nafar ilk tinglovchidan boshlangan sharafli yo‘l. Bu — minglab tayyorlangan mutaxassislar. Bu — xalq salomatligi uchun xizmat qilgan shifobaxsh qo‘llar tarixi. Bu — davlatimiz tibbiyot sohasida olib borayotgan islohotlar bilan hamnafas qadam tashlayotgan ta’lim dargohi. Bugun Kattaqo‘rg‘on Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi nafaqat hudud, balki respublika miqyosida malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Yubiley — bu o‘tmishni sarhisob qilish emas, balki kelajak oldidagi mas’uliyatni yanada chuqur his etish demakdir. Ilm va shifo ziyosi yonib turgan bu dargoh yana ko‘p yillar davomida xalqimiz salomatligi yo‘lida xizmat qilaverishiga ishonchimiz komil. Shifobaxsh qo‘llar safida yana minglab yoshlar kamol topsin!
I. UMAROV, texnikum uslubchisi.









