TARG‘IBOT AKSIYASI O‘TKAZILDI
Kuni kecha Kattaqo‘rg‘on davlat Pedagogika institutida “Adolat” SDP Siyosiy Kengashining tashabbusi bilan IIB va Adliya bo‘limlari bilan hamkorlikda «Ogoh bo‘ling firibgar!» shiori ostida umumiy firibgarlikka qarshi targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.
Unda shahar hokimi G.Alimova, Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Y.Kampolshik, shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari M.Do‘stmurodov, “Adolat” SDP viloyat kengashining rais o‘rinbosari L.Sayidovalar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda internetda ijtimoiy tarmoqlar orqali va boshqa usullar bilan amalga oshirilayotgan firibgarlik oqibatlari, fuqarolarning aldanib qolib moddiy zarar ko‘rayotganliklari, sodir etilayotgan kiberjinoyatlar holatlari haqida so‘z yuritilib, bu borada barchani ogoh bo‘lishlari lozimligi ta’kidlashdi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan kiberxavfsizlik bo‘yicha e’tibor qilinishi lozim bo‘lgan holatlar haqida to‘xtalib, kelgusida targ‘ibot tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida bu boradagi ishlarni amalga oshirishda partiyaga yaqindan hamkorlik qilgan tashkilotlarning faol vakillariga tashakkurnomalar berildi.









