USTOZ SO‘ZINING QADRI: HURMATMI YOKI ODAT?

Jamiyat taraqqiyoti ko‘p jihatdan atamalarga, ularga yuklangan ma’no va mas’uliyatga bog‘liq. So‘z — bu shunchaki talaffuz emas, u qadriyat, munosabat va tafakkurning ko‘zgusidir. Shu ma’noda so‘nggi yillarda o‘zbek jamiyatida tez-tez qo‘llanilayotgan “ustoz” atamasi haqida jiddiy o‘ylash vaqti keldi. Bugun biz rahbarni ham, lavozimdorni ham, katta yoshli hamkasbni ham, hatto bir marta maslahat bergan insonni ham “ustoz” deb atashga o‘rganib qoldik. Bir qarashda bu hurmatdek tuyuladi. Ammo savol tug‘iladi: bu haqiqiy hurmatmi yoki ma’nosi yuvilib ketgan odatmi?

Ustoz kim o‘zi? Tarixiy va ma’naviy manbalarga murojaat qiladigan bo‘lsak, “ustoz” tushunchasi har doim yuksak ma’no kasb etgan. Ustoz — bu: • bilimini tizimli ravishda o‘rgatgan, • inson kamoloti uchun mas’uliyat olgan, • shogird tafakkurini shakllantirgan, • faqat kasb emas, insoniylikni ham singdirgan shaxs.

Sharq mutafakkirlari ustozni “ikkinchi ota” deb bejiz aytmagan. Chunki ustoz inson taqdiriga ta’sir qiladi. Demak, ustozlik — lavozim emas, missiya. Nega bugun ustoz so‘zi ko‘p ishlatilayapti? Mutaxassislarning fikricha, bunga bir necha omil sabab:

  1. Ijtimoiy iyerarxiya — katta lavozim oldida o‘zini kichik tutish istagi.
  2. Manfaatdorlik — munosabatni yumshatish yoki yaqinlik ko‘rsatish usuli.
  3. Madaniy merosni noto‘g‘ri talqin qilish — hurmat bilan xushomad o‘rtasidagi chegara yo‘qolishi.

Natijada esa “ustoz” so‘zi o‘z asl ma’nosidan uzoqlashmoqda. Rivojlangan jamiyat tajribasi shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan davlatlarda atamalar juda aniq qo‘llaniladi. Ya’ni: • rahbar — boshqaruvchi, • o‘qituvchi — pedagog, • yo‘l ko‘rsatgan inson — mentor.

U yerda har kimni ustoz deb atash urf emas. Chunki bu jamiyatlarda unvon emas, funksiya va mas’uliyat muhim. Agar inson seni o‘stirmagan bo‘lsa, bilim bermagan bo‘lsa, hayotiy qarorlaringga ta’sir qilmagan bo‘lsa — u rahbar yoki hamkasb bo‘lishi mumkin, lekin ustoz emas. Masalaning xavfli tomoni shundaki hammani ustoz deb atash: • haqiqiy ustozlar mehnatini soyada qoldiradi, • tanqid va savol berish madaniyatini zaiflashtiradi, • fikr erkinligini cheklaydi, • “savol berma, u ustoz” degan muhitni yaratadi. Bu esa taraqqiyot emas, itoatni kuchaytiradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, ustoz so‘zi muqaddas. Uni har kimga nisbatan ishlatish orqali biz: • so‘zni emas, ma’noni yo‘qotamiz, • hurmatni emas, shaklbozlikni ko‘paytirib qo‘yamiz.

Shuning uchun jamiyat sifatida o‘zimizga savol berishimiz kerak, biz ustozni ulug‘layapmizmi yoki so‘zni arzonlashtirayapmizmi? Ustoz — maqom emas. Ustoz — mas’uliyat. Ustoz — inson taqdiriga daxldorlik. Ana shundagina bu so‘z yana o‘z qadriga yetadi.

Ja’far NUR.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan