SOG‘LOM OILA — MILLAT KELAJAGINING KAFOLATI!
Jamiyat taraqqiyotida sog‘lom oila muhim o‘rin tutadi. Zero, sog‘lom oila — sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashning mustahkam poydevoridir. Shu bois yoshlarning nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bugungi kunda dolzarb va ahamiyatli masalalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, nikoh tuzishdan oldin nikohlanuvchi shaxslar majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari belgilangan.
Nikohdan oldin o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rikning asosiy maqsadi — bo‘lajak er-xotinning sog‘ligini tekshirish, irsiy va yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda kelajakda sog‘lom farzand tug‘ilishini ta’minlashdan iborat. Ko‘rik irsiy, tug‘ma va yuqumli kasalliklarni (OITS, gepatit, zahm, sil va boshqalar) erta bosqichda aniqlash, erkaklar va ayollar reproduktiv salomatligini baholash, nikoh va oilaviy hayotga oid psixologik maslahatlar berish kabi asosiy yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.
Bu jarayon nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy va ma’naviy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Tibbiy ko‘rik davlat tibbiyot muassasalarida bepul o‘tkaziladi va nikohlanuvchilarning yashash joyi bo‘yicha amalga oshiriladi. Natijalar maxfiy saqlanadi. Ko‘rikdan o‘tgan shaxslarga maxsus tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Ushbu ma’lumotnoma nikohni rasmiy qayd etish uchun zarur hujjatlardan biri hisoblanadi.
Nikoh — inson hayotidagi eng mas’uliyatli qarorlardan biridir. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish esa o‘z sog‘ligiga, oila baxtiga va kelajak avlod taqdiriga befarq bo‘lmaslik belgisidir. Unutmang, tibbiy ko‘rik — bu rasmiy talab emas, balki sog‘lom va baxtli hayot sari tashlangan ongli qadamdir.
O‘.YUSUPOVA, shahar FXDYO bo‘limi inspektori.









