SUN’IY INTELLEKTNING TA’LIM JARAYONIDAGI ROLI
Bugungi kunda sun’iy intellekt tibbiyot, iqtisodiyot, sanoat, transport sohalari bilan bir qatorda ta’lim tizimida ham keng qo‘llanilmoqda. Ta’lim jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish o‘quv jarayonini modernizatsiya qilish, o‘qituvchi mehnatini yengillashtirish hamda har bir o‘quvchiga individual yondashuvni ta’minlash imkonini bermoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, raqamli texnologiyalarni ta’limga tatbiq etish yoshlarni bilim olishini samarali va zamonaviy darajaga olib chiqishning eng to‘g‘ri yo‘lidir.
Sun’iy intellektdan foydalanish, avvalo, ta’lim jarayonining murakkabligi va o‘quvchilarning bilim darajasi turli ekani bilan bog‘liq. An’anaviy o‘qitish usullari har doim ham barcha o‘quvchilar ehtiyojini to‘liq qondirolmaydi. Sun’iy intellekt esa har bir o‘quvchining o‘zlashtirish sur’ati va qobiliyatini tahlil qilib, unga mos ta’lim yo‘lini taklif etadi.
Sun’iy intellekt ta’lim sifatini oshirish, individual yondashuvni kuchaytirish, o‘qituvchi mehnatini yengillashtirish hamda o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish imkoniyatlarini yaratadi.
Shuningdek, ChatGPT, Copilot, Gemini kabi virtual yordamchilar o‘quvchilarning savollariga javob berib, ularni mustaqil izlanishga yo‘naltiradi. “Duolingo” kabi platformalarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish til o‘rganish samaradorligini sezilarli darajada oshirgani bunga yaqqol misoldir. Shu bilan birga, sun’iy intellekt imkoniyatlari inklyuziv ta’limni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sun’iy intellekt zamonaviy ta’lim tizimining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. U inson o‘rnini bosuvchi vosita emas, balki o‘qituvchi va o‘quvchining intellektual yordamchisidir. Ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanish mamlakatimiz yoshlarining bilim darajasi va raqobatbardoshligini yangi bosqichga olib chiqadi.
G‘.BOLIQULOV, 3-son texnikum maxsus fan o‘qituvchisi.









