QONUNGA BEPARVOLIK JAZO BILAN YAKUNLANDI

Dori vositalarini shifokor retseptisiz sotish qonun bilan taqiqlangan bo‘lib, mazkur talabga rioya etmaslik inson salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin. Shu bois dorixona xodimlaridan yuksak mas’uliyat va qonun hujjatlariga qat’iy amal qilish talab etiladi.

Yaqinda shahrimizdagi dorixonalardan birida sodir etilgan holat bunga yaqqol misol bo‘ldi. Ushbu dorixonada farmatsevt lavozimida faoliyat yuritib kelgan X.S. mijozga shifokor retseptisiz sotilishi taqiqlangan “Benzonal-100 mg” dori vositasini sotayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan qonun doirasida ish ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida huquqbuzarning o‘z qilmishidan pushaymonligi va ayol kishi ekanligi yengillashtiruvchi holat sifatida baholandi. Biroq qonun ustuvorligi ta’minlanib, X.S. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari hamda 57-moddasini qo‘llagan holda, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima jazosiga tortildi.

Ushbu voqea barcha dorixona va tibbiyot muassasalari xodimlari uchun jiddiy saboq bo‘lishi lozim. Zero, dori vositalari bilan bog‘liq har qanday noqonuniy harakat inson hayoti va salomatligiga tahdid soladi.

Shahboz SADINOV, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tezkor vakili.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan