OITSSIZ KELAJAK
Bugungi kunda global jamiyat oldida turgan eng jiddiy sinovlardan biri — OITS epidemiyasi. Ilmiy taraqqiyot va axborot oqimi tezlashgan bir vaqtda bu kasallikka qarshi kurash ham barcha davlat va tuzilmalardan yuqori mas’uliyat talab etmoqda. Har bir insonning salomatligi, har bir oilaning baxti, har bir bolaning kelajagi ushbu kurashning samarasiga bevosita bog‘liqdir.
Shusababdanxalqaromiqyosdaqabulqilingan “95–95–95” strategiyasi bugun dunyo davlatlari uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib xizmat qilmoqda. Unga ko‘ra, OIV bilan yashovchi aholining 95 foizi o‘z ahvolidan xabardor bo‘lishi, tashxis qo‘yilganlarning 95 foizi davolanish bilan qamrab olinishi, virus miqdori pasayishi ta’minlanishi kerak. Bu raqamlar ortida minglab insonlar taqdiri turibdi.
OIV infeksiyasi faqat uch yo‘l bilan — jinsiy munosabat orqali, qon bilan bog‘liq manipulyatsiyalar natijasida va onadan bolaga o‘tish yo‘li bilan tarqaladi. Maishiy muloqotda yuqmasligi isbotlangan bo‘lsa-da, ayrim joylarda hali ham OIV bilan yashovchi insonlarga nisbatan kamsitish holatlari uchrab turadi.
Jamiyatda tenglik, insonparvarlik va haq- huquqlarni hurmat qilish kabi qadriyatlar ustuvor bo‘lganida, kasalliklarni oldini olish ham oson kechadi. Ayniqsa, migrantlar, notinch turmush tarzidagi insonlar va inyeksion moddalar iste’mol qiluvchilar orasida profilaktik ishlar ko‘lamini oshirish jamiyat xavfsizligining muhim shartidir.
OITS, sil va virusli gepatit kabi kasalliklarga qarshi kurashda faqat tibbiy xizmat yetarli emas. Insonga mehr, ruhiy qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilikning faol ishtiroki ham barobar ahamiyatga ega. Chunki salomatlik — faqat tibbiy emas, balki ijtimoiy- iqtisodiy barqarorlik mezoni hamdir.
Kelajak avlodga sog‘lom muhit qoldirish — bugungi kun qarorlarimizga bog‘liq. Ma’lumotlar shaffofligi, tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish va insonga mehr bilan yondashish — OITSsiz kelajakka yo‘l ochadi.
Shunday ekan, OITSga qarshi kurash har birimizdan mas’uliyat, bilim va fidoyilik talab qiladi. Ertangi avlod uchun xavfsiz, sog‘lom hayot yaratish — bugungi kun vazifamizdir.
Вилоят ОИТСга қарши кураш маркази
Врач-лаборанти
С.У.Султонова.









