Samarqandda 3-noyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiy forumining ochilish marosimi boshlandi. Marosimda Shavkat Mirziyoyevning forumi ishtirokchilariga murojaati e’lon qilindi.
Xalqaro tadbirda dunyoning yetakchi iqtisodchilari, nufuzli investorlari va xalqaro ekspertlari qatnashmoqda. Prezident forum ochilishi bilan samimiy qutlab, ushbu forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Prezident murojaatida qayd etilishicha, tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat sharoitida O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyatsiya sur’atlarini jilovlash choralari ko‘rilmoqda. Natijada 2022-yilda respublikada 5 foizdan yuqori iqtisodiy o‘sish kutilmoqda.
“Bugungi anjuman ishtirokchilari yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishib, sheriklik aloqalarimizni yanada kengaytirishga munosib hissa qo‘shadilar, deb ishonaman”, — degan prezident.
Forum kun tartibida O‘zbekistonning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasini muhokama qilish o‘rin olgan. Shu bilan birga, pul-kredit siyosati, yashil iqtisodiyotga o‘tish zarurati borasida muloqotlar bo‘lib o‘tadi.
Manba: Daryo.uz